Vazir Ozodbek Nazarbekov Andijonda madaniyat va san’at sohasidagi loyihalar bilan tanishdi
18 Aug, 2026 - 10:48
487
Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov xizmat safari bilan Andijonda bo‘lib, 2026-yilda Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti maqomi tadbirlariga tayyorgarlik ko‘rish jarayonlari bilan tanishdi.
Xizmat safari davomida Andijon viloyat musiqali drama teatrida olib borilayotgan keng ko‘lamli qurilish-ta’mirlash ishlari, shuningdek, teatrning moddiy-texnik bazasini yangilash jarayonlarini ko‘zdan kechirdi.
Vazir ijodiy jamoa bilan uchrashib, bo‘lajak nufuzli Xalqaro teatr festivalini yuqori saviyada tashkil etish, shuningdek, turkiy xalqlar o‘rtasidagi madaniy aloqalar va integratsiyani yanada mustahkamlash yuzasidan tavsiyalar berdi.
Shundan so‘ng vazir Ozodbek Nazarbekov Andijon viloyatidagi Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Ta’lim muassasasining o‘quv binosi, yotoqxonasi va hudud infratuzilmasi ko‘zdan kechirilib, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qator vazifalar belgilandi.
Jumladan, o‘quv binosini ortiqcha ta’mirlash ishlarisiz umumta’lim va musiqiy-nazariy fanlarni o‘qitishga moslashtirish rejalashtirildi.
Yotoqxonada esa o‘quvchilarning darsdan tashqari vaqtda erkin shug‘ullanishi uchun maxsus shovqinsiz mashg‘ulot xonalari tashkil etilishi belgilandi.
Shuningdek, yotoqxona yonidagi bo‘sh maydonda nufuzli tadbirlar hamda hisobot konsertlarini o‘tkazish uchun viloyatda yagona bo‘lgan zamonaviy Konsert zali qurish taklifi ilgari surildi.
Hududdagi temir to‘siqlarni olib tashlash, ta’lim muassasasining kirish qismida esa doimiy ravishda milliy kuy-qo‘shiqlar yangrab turishini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ham tegishli topshiriqlar berildi.
Mazkur tashabbuslar Andijonda madaniyat va san’at infratuzilmasini rivojlantirish, yosh ijodkorlar uchun yanada qulay sharoit yaratish hamda shaharning Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti sifatidagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.