“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” tadbirlarining ochilish marosimi bo'lib o'tdi
25 Jun, 2026 - 11:06
56
“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” tadbirlarining ochilish marosimi bo'lib o'tdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrigi o‘qib eshittirildi hamda “Andijon polkasi” raqsi Ginnes rekordlari kitobiga kiritilganligi bo'yicha rasmiy hujjat taqdim etildi.
Turkiy xalqlarning ko‘p asrlik tarixi, boy ma’naviy merosi, betakror madaniyati va san’ati insoniyat sivilizatsiyasining muhim qismi hisoblanadi. Ushbu beqiyos meros asrlar davomida xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, hamjihatlik va madaniy yaqinlikni mustahkamlab kelmoqda.
Ma’lumki, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Doimiy kengashining qarori bilan har yili turkiy davlatlardagi shaharlardan biri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinadi. Bu, ana shu shaharlar timsolida har bir mamlakatning o‘ziga xosligi, madaniyati, san’ati, an’ana va qadriyatlarini xalqaro miqyosda yanada keng targ‘ib etishga ulkan imkoniyat yaratadi. O‘tgan davr mobaynida Ostona, Eskishahar, Qozon, Mari, Sheki, Turkiston, Kastamonu, O‘sh, Xiva, Bursa, Shusha, Anau, Aqtau ana shunday sharafli maqomga ega bo‘lgan.
2025-yilda Qozog‘istonning Aqtau shahrida bo‘lib o‘tgan TURKSOY Doimiy kengashining 42-yig‘ilishida qabul qilingan qarorga muvofiq, “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti”, deb e’lon qilindi.
“Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” xalqaro madaniy tadbiri turkiy xalqlarning umumiy tarixi, tili, adabiyoti, musiqasi, raqs san’ati, milliy urf-odat va an’analarini keng targ‘ib etish, madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu munosabat bilan, joriy yilning 24-iyun kuni “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” tadbirlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ochilish marosimi avvalida madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tabrigini o‘qib eshittirdi. So‘ng teatrlashtirilgan konsert dasturi taqdim etildi.
Tantanali ochilish marosimida Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibi, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi va Bosh kotibiyati mas’ullari, turkiy davlatlar madaniyat vazirlari va vazir o‘rinbosarlari qatnashadi. Badiiy dasturda Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Turkmaniston va O‘zbekistonning mashhur xonanda va sozandalari, raqs ansambllari ishtirokida turkiy xalqlarning boy madaniy merosini o‘zida mujassam etgan yirik konsert dasturi namoyish etildi.
Madaniyat poytaxti doirasida yil davomida qator tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilgan bo‘lib, ulardan biri – TURKSOY tashabbusi va O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligining qo‘llab-quvvatlashi bilan “Andijon polkasi” raqsining “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilishidir.
Shuningdek, “Andijon – 2026-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” doirasida joriy yil davomida TURKSOY Yozuvchilar uyushmasi yig‘ilishi, IV TURKSOY Xalqaro teatr festivali, V Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvi va TURKSOY Muzeylar uyushmasi davriy yig‘ilishi, tashkilotga a’zo davlatlar Madaniyat vazirliklari mas’ullari ishtirokidagi Ekspertlar yig‘ilishi va TURKSOY Doimiy kengashining 43-yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, xorijiy davlatlarda ham Andijon taqdimotiga bag‘ishlangan tadbirlar tashkil etish ham ko‘zda tutilmoqda.
Tadbirlar davom etmoqda, bugun, 25-iyun kuni Marg'ilon shahridagi “Burhoniddin Marg'inoniy” majmuasida “Vodiydan Turon sadosi” Xalqaro gala-konsert dasturi namoyish etiladi.
Ma’lumot o‘rnida, 2027-yilda esa Turkiyaning “Qaysari shahri 2027-yilda turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” etib tanlangan.
Manba
#Andijon_madaniy_poytaxt