Musiqali drama teatri va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘rtasida shartnoma imzolandi
05 Oct, 2025 - 09:26
11
Musiqali drama teatri va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘rtasida shartnoma imzolandi
Musiqali drama teatri va O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti o‘rtasida shartnoma imzolandi
Joriy yilning 4-oktyabr kuni O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori, professor Nodirbek Sayfullayev tashabbusi bilan “Sahna nutqi” kafedrasi va Andijon viloyat musiqali drama teatri o‘rtasida 3 yillik hamkorlik shartnomasi imzolandi.
Mazkur shartnoma doirasida kafedra nomiga teatrda maxsus xona ajratilib, spektakllar tayyorlash jarayonida mutaxassislarni jalb etish, shuningdek, talabalar va yosh aktyorlar uchun mahorat darslari tashkil etish nazarda tutilgan. Ushbu tashabbus nafaqat institut talabalari va bitiruvchilari uchun amaliy ko‘nikmalarni mustahkamlashga, balki teatr ijodiy faoliyatini yanada boyitishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tantanali imzolash marosimida teatr direktori Begzod Hamidov so‘zga chiqib, mazkur hamkorlik jarayonida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti bitiruvchilarini ish bilan ta’minlash masalasi ham muhim yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqilishini ta’kidladi.
Mazkur tadbirda kafedra professori v.b. pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Ramz Qodirov hamda tayanch doktorant Isfandiyor Xomidov ishtirok etdilar. Shuningdek, Andijon shahridagi Sherali Jo‘rayev nomidagi musiqa va san’at oliy maktabida ustozlar tomonidan mahorat darsi o‘tkazilib, qatnashchilar sertifikatlar bilan taqdirlandilar.
Andijon viloyat musiqali drama teatri direktori professor Nodirbek Sayfullayev nomiga tashakkurnoma yo‘llar ekan, o‘zining samimiy minnatdorligini bildirdi.
O‘ylaymizki, ushbu hamkorlik ikki ijodiy muassasa o‘rtasidagi tajriba almashish jarayonini kuchaytirish, yoshlar iste’dodini rivojlantirish va mamlakatimiz teatr san’atini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.