"BIRINCHI ROL – BIRINCHI MUHABBATDAY..."
05 Jun, 2025 - 09:01
106
"BIRINCHI ROL – BIRINCHI MUHABBATDAY..."
Birinchi rol – birinchi muhabbatday...”
Andijon viloyati Yoshlar teatri Matbuot xizmati • June 3 at 3:15 PM
“Birinchi rol – birinchi muhabbatday...”
Andijon Yoshlar teatrining mahoratli aktrisasi Barno Mirzakarimova o‘ttiz besh yildan oshiq vaqt mobaynida sahnada. 1972-yil 24-oktyabrda Asaka shahrida dunyoga kelgan qahramonimizning hayot va ijod haqidagi ibratli fikrlarini mushtariylarga havola etamiz.
Ma’lumot: Barnoxon Mirzakarimova 1972-yil 24-oktyabr kuni Andijon viloyat, Asaka tumanida tug‘ilgan.
Teatr sahnasida ijro etgan rollari: “Xazon bo‘lgan gul”da Sohiba, “To‘ylar muborak”da Madina, “Afandining besh xotini"da To‘tixon, “Zanjirband she’r”da Novvoy qiz, “Mehr qolur"da Doya kampir, “Baxtli bo‘linglar”da Hulkar, “Ashula darsidagi hangoma”da Geografiya o‘qituvchisi, “Qaboxat komida”da Oysuluv, “Alvido, bolalik”da Ona, “Eski shahar gavroshlari”da Aqida, “Yo‘l bo‘yidagi hovli”da Ona, “Kuyov”da Qumri, “Oq kema”da Qirg‘iz momo, “Maysaraning ishi”da Maysara, “To‘maris”da Qabila momo, “Yasha, kurash” (Shoshma, quyosh)da Mahfirat, “Kunduzsiz kechalar” (Cho‘lpon)da Komissar ayol, “Zo‘raki tabib”da Martina.
Barnoxon Mirzakarimova Respublika teleradiokomponiyasining “Jibla-jibon” teleserialida Aldangan ayol, “Oysiz tunlar” videofilmida Gulsara rolini, Andijon viloyat yoshlar teleradiokompaniyasidagi “Hayot saboqlari” ko‘rsatuvida 10 dan ortiq, “Taraqqiyot” teleradiokompaniyasidagi “Qo‘shnilar” hajviy ko‘rsatuvi, “Sumbulbuloq” hajviy ko‘rsatuvda 15 ga yaqin rollarni ijro etib ijro etib, muxlislar e’tiborini qozona olgan aktrisadir.
- San’at sohasiga qanday qilib kelgansiz? Oilangiz tanlovingizga qarshi chiqmaganmi?
- Onam Yulduzxon aya xalq qo‘shiqlarini, allalarini yaxshi biladigan, ularni maromiga yetkazib ijro etadigan shinavanda bo‘lgan. Ovozining tiniqligi, nolalarining uzunligiga mahalladagi ayollar havas bilan qarardi. Nazarimda, san’atga qiziqishim menga ona suti bilan o‘tgan. Oilamizning o‘zi san’atsevar edi. Masalan, yangi spektakl qo‘yilsa, yangi kino berilsa albatta, oila davrasida muhokama bo‘lardi. Hatto onam menga turli qahramonlarga taqlid qlishni o‘ragatardi erinmay.
Adashmasam, 7 yo 8-sinflarda o‘qirdim. Ota-onam qo‘limdan yetaklab respublikamizda taniqli rejissyor, ustoz Mannon Hamidovning huzuriga olib bordi. Ilk bor qadam bosgan san’at dargohim hozirgi Andijondagi Bobur teatri bo‘lgan.
- Sahnadagi ilk rolingizni eslay olasizmi?
- Albatta. Nazarimda hech bir aktyor birinchi ijrosini unutmaydi. Balki, odam umri davomida yuzlab, minglab obrazlarga kirar. Lekin birinchi rol birinchi muhabbatday bir umr yodda qoladi.
Faqat ungacha qancha mehnat yotibdi. Teatrga kelgach astoydil ustozimdan san’at sirlarini o‘rgana boshladim. Vaqt o‘tgan sari sahna menga o‘z sirlarini ocha boshladi. O‘sha saboqlar beiz ketmadi., ot-onam va ustozimning yuzini yoruh qildim: menga rol berildi. Bu rol dramaturg Xosiyat Qozoqovaning “Xazon bo‘lgan gul” spektaklidagi Sohiba ismli o‘quvchi qiz roli edi. Hammasi shundan boshlandi. Mana, o‘ttiz besh yildan oshdiki, sahnadaman.
–Siz rol tanlaysizmi?
- Men – aktrisaman. Agar rejissyor menga bir rolni ishonib topshirgan bo‘lsa, demak, mening ijro kuchimga baho bergan. Shuning uchun teatr sahnasida ham, ekranda ham berilgan rollarni rad etishga shoshilmayman. Aksincha, uning mohiyatiga yetishga, astoydil uni jonlantirishga harakat qilaman. Biz hech qachon mehnatdan qochmaslikka va rejissyorlarni hurmat qilishga o‘rganganmiz. Shuning ortidan kam bo‘lmadik, shukur."
– Bugungi kunda ustoz-shogirdlik an’anasiga qanday qaraysiz?
– Zamon qanchalik shiddatli bo‘lmasin san’atning metin qoidalari bor, ulardan biri ustozlardan saboq olishdir. Ochig‘ini aytish kerak, bugungi ayrim yoshlar ustoz ortidn quvmaydi. Ya’ni bir ustozning qo‘lida kasb sirlarini qunt bilan o‘rganishni istamaydi, vaqti yetmaydi. Nega? Ularning hayolida tezroq tanilish, pul ishlash, olqishlarga ko‘milib yurish, xolos. Balki bunda biz kattalarning aybimiz bordir. Ehtimol, ustozlarimiz bizga saboq berganchalik yoshlarga saboq berolmayotgandirmiz?!
Uzr, lekin bir-ikki mashhur san’atkor bilan rol’ o‘ynab, o‘zini yulduz hisoblab yurganlar ko‘p. San’atning nonini yeyish qiyin. Sahna oliftagarchilikni ko‘tarmaydi. San’at dunyosida yomg‘irdan keyin chiqqan qo‘zqorinday potirlab chiqqan shuhratparastlar uzoqqa bormaydi. Ular arzimas sabablar bilan boshqa ishga o‘tib ketishadi odatda. Balki to‘g‘ri qilar. Sahna esa faqat fidoiylarga bag‘rini ochadi. O‘zi yerda bo‘lsa ham ustidagilarni tog‘day ko‘tarib turadi.
– Siz uchun teatr sohasida ustozlik darajasiga ko‘tarilgan san’atkor kim?
– Bu savolga birdan javob berish qiyin. Ulug‘larimizdan Halima Nosirova. Lutfixonim Sarimsoqova, Sora Eshonto‘rayeva, Zaynab Sadriyevalarni sahnada ko‘rib, ularga muxlis bo‘lib qolganmiz.Ularning har bir harakati, ishorasining o‘zi bir maktab bo‘lgan biz uchun. Ular safida taniqli san’atkor Ikroma Boltayevaga muhabbatim bo‘lakcha. Men ham shaxs, ham aktyor bo‘la olgan fozila ayol Ikroma opa oldida doim bosh egaman.
– Bugun sahnada kamnomosiz Bunga nima sabab bo‘lmoqda? Ekranga oshiqmaslgingiz nimadan?
– Hozirda asosan shogirdlar tarbiyasi bilan bad bo‘lib qoldik. Aktyorlar faqat sahnaga chiqsagina ijod qilyapti, boshqa payt dam olyapti deyish noto‘g‘ri. Chunki, biz hatto, tushlarimizda ham sahna dekoratsiyalarii , rollarimizni boyituvchi detallarni ko‘rib chiqamiz. Buni men ma’joziy ma’noda aytyapman. Biz aktyormiz, ko‘chada bo‘lamizmi, uyda bo‘lamizda, qayerda yursak-tursak, hayolimiznin bir uchi baribir rolda turadi. Shunaqa qilib yashaymiz. Aktyor to sahnaga bir rolni olib chiqqunga qadar ijodkor rolining maromiga yetishishida o‘z ustida tinimsiz mehnat qilishini ko‘rsatadi. Menga ishonilgan vazifani har doim uddalashga harakat qilganman. Sahnada hali salmog‘i bor, katta-katta rollarni o‘ynash niyatim yo‘q emas. Ya’ni, yangi ijod namunalari bilan san’atsevar xalqimiz oldiga chiqish ko‘nglimizda istak ham, imkon ham bor. Bu vaqti-soati bilan amalga oshmoqda.
Ekranga oshiqmaslikka kelsak, hozir ham qator teleloyihalarga, kinolarga takliflar kelmoqda. Ammo hozircha biroz tanaffus qilgan ma’qul. Gap qayerda chiqishda emas, qanday chiqishda aslida. Sizga spektaklda bosh rol beriladimi yoki ijtimoiy rolikda kichik rol ajratiladimi farqi yo‘q, asosiysi uni qanday ijro etishda.
–Demak, biz Barno Mirzakarimovani tez kunlarda yangi rollarda qadrdon sahnada kutib qolamiz. Mazmunli suhbat uchun tashakkur!
Suhbatdosh: Abbosbek Habibullayev
Manba: “Bekajon plyus” 17.08.2023 №33 son